Tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi
Joriy yilning yanvar oyi davomida Ishchi guruhlar tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida 614 ta holatda iste’molchilarning tabiiy gazdan noqonuniy va nooqilona foydalanish holatlariga chek qo‘yildi. Mazkur tadbirlarda noqonuniy foydalanilgan gaz hajmi 85 mlrd so‘mlik 85 mln kub metrni tashkil etgan.
Aniqlangan noqonuniy foydalanish holatlari asosan, Buxoro viloyatida 37,9 mln kub metrni (37,8 mlrd so‘m), Qashqadaryoda 25,1 mln kub metrni (25 mlrd so‘m), Toshkent viloyatida 13,2 mln kub metrni (13,2 mlrd so‘m), Navoiyda 3,5 mln kub metrni (3,6 mlrda so‘m), Farg‘onada 1,3 mln kub metrni (1,2 mlrd so‘m) tashkil etgan. Noqonuniy tabiiy gazdan foydalanish holatlarini iste’molchilar toifasi bo‘yicha tahlil etilganida, asosan AGTKShlarda 20 ta holatda 76,8 mlrd so‘mlik, issiqxonalarda 30 ta holatda 1,2 mlrd so‘m, ishlab chiqarish korxonalarida 39 ta holatda 1,9 mlrd so‘m, umumiy ovqatlanish shoxobchalarida 164 ta holatda 0,7 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgan.
Aniqlangan holatlar yuzasidan rasmiylashtirilgan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlariga yuborildi.